BOKS BILAN SHUG‘ULLANADIGAN BOLALAR OVQAT RATSIONIDAGI HAYVON OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARI TAHLILI

Authors

  • I.O. Otajonov Toshkent tibbiyot akademiyasi Author
  • J.T. Ochilov Toshkent tibbiyot akademiyasi Author

Abstract

Sportda salomatlikni asrash va yutuqlarga erishishning asosiy omillaridan biri sog‘lom ovqatlanish hisoblanadi. Ovqat inson organizmining plastik materiallarga, quvvatga, biologik faol moddalarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishi va unda ijobiy hissiyot uyg‘otishi lozim. Organizmga oziqa moddalarini yetarli darajada yetkazib berishdan har qanday chetga chiqish salomatlikka jiddiy zarar yetkazishi, atrof-muhitning salbiy omillariga qarshilikning pasayishiga, aqliy va jismoniy ko‘rsatkichlarning yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Yuqori natijalarga erishishga intilayotgan sportchi-o‘quvchilar uchun ratsional ovqatlanish masalalari alohida ahamiyatga ega, chunki hozirgi vaqtda ovqatlanish va jismoniy ko‘rsatkichlar o‘rtasida bog‘liqlik borligi hech qanday shubha qoldirmaydi. Mashg‘ulot jarayonining samaradorligini oshirish uchun sportchining ovqatlanishi jismoniy faoliyatning quvvatga bo‘lgan talablarini to‘liq qoplashi va organizm uchun zarur makro va mikroelementlar bo‘lishi shart. Ma’lum bir sport turining o‘ziga xos xususiyatlari, jismoniy faoliyatning tabiati, sportchining vazni, metabolizmning o‘ziga xos xususiyatlari – bularning barchasi kerakli miqdordagi quvvat va oziq-ovqat tarkibiy qismlarini individual ravishda hisoblashni talab qiladi. Bularning barchasi sifatli va kaloriyaga boy oziq-ovqat tarkibida mavjuddir.

Sportchilar uchun menyuni tuzishda, birinchi navbatda, ovqatning quvvatmandligi va kerakli miqdordagi ozuqa moddalari, shuningdek sportchilarning individual xususiyatlari va qaysi ovqatlarni sevib iste’mol qilishini hisobga olish kerak. Iloji boricha menyuga turli xil ovqatlarni kiritish tavsiya etiladi, ularni tez-tez takrorlash tavsiya etilmaydi. Boks bilan shug‘ullanish yuqori jismoniy faollikni talab qiladigan sport turidir. Bunday intensiv mashg‘ulotlar va musobaqalar uchun bolalar organizmiga kerakli oziqa moddalarini ta’minlash muhimdir. Yaxshi ovqatlanish orqali bokschilar o‘zlarining chidamliligini, kuchini va tezligini oshirishlari mumkin. Ovqat ratsionidagi to‘g‘ri oziq-ovqat mahsulotlari, o‘sib borayotgan organizmni rivojlantirish, mushaklarni tiklash va energiya saqlash uchun zarurdir.

Ilmiy ishning maqsadi – boks sport turi bilan shug‘ullanadigan sportchi o‘quvchilar ovqat ratsionidagi hayvon oziq-ovqat mahsulotlarini tahlil qilishdan iborat.

Tadqiqot materiali va usullari. Ilmiy izlanishlar Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabi oshxonasida olib borildi. Bunda boks bilan shug‘ullanayotgan sportchi-o‘quvchilarning kuz mavsumidagi taomnomasi (jami 77 ta) tahlil qilindi va kunlik ovqat ratsionidagi hayvon oziq-ovqat mahsulotlarining iste’mol tarkibi va tahlili jadvallar yordamida hisoblandi.

Olingan natijalar tahlili. Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabida shug‘ullanuvchi sportchi o‘quvchilarning kuz mavsumidagi taomnomasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 731-son “Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan gigiyenik tahlil qildik.

Bunga ko‘ra, qarorda ko‘rsatilgan 26 xil oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilinganlik darajasi, me’yorga nisbatan holatini baholadik. Ulardan 10 xili hayvon mahsulotlariga tegishli. Oziq-ovqat mahsulotlarini alohida guruhlash orqali biz oziq-ovqat mahsulotlari bir-birining o‘rnini to‘ldirish haqida umumiy tasavvurga ega bo‘ldik. Kunlik quvvatmandlikni ta’minlab beruvchi asosiy nuyriyentlarga ega bo‘lgan qand-shakar, asal va qandolat mahsulotlarining me’yorga nisbatan deyarli ¼ qismga to‘g‘ri keladigan miqdorda (25,3 %) kam. Ularni o‘zaro taqqoslaganda ham asal eng katta ko‘rsatkich 46,8 %ga kam ekanligi kuzatildi. Hayvon mahsulotlaridan katta qismini tashkil etuvchi sut va sut mahsulotlari iste’molini tahlil qilishimiz natijasida, sportchi-o‘quvchilar kuz mavsumida ushbu mahsulotlarni me’yorga nisbatan 11,3 %ga kam iste’mol qilganligi hisoblab topildi. E’tiborli jihati shundaki, sut-qatiq va pishloq mos ravishda sut va sut mahsulotlari ichida eng kam foiz ko‘rsatkichga ega (4,8 % va 1,3 %). Sariyog‘ mahsuloti o‘rtacha 13,1 %ga kam iste’mol qilingan bo‘lsa, qaymoq va tvorog mahsulotlarida deyarli ikki barobar kam iste’mol qilinganligi aniqlandi (33,8 % va 42,9 % kam). Boks sport turi bilan shug‘ullanuvchilarga makronutriyentlardan asosan oqsil ehtiyoji doimiy qondirib kelinishi zarur. Oqsil manbayi hisoblangan go‘sht va go‘sht mahsulotlarining iste’molining tahlilini olib borganimizda 7,1 % ga kamligi aniqlandi. Bunda kolbasa mahsulotlari go‘sht mahsulotlariga qaraganda 5% ko‘p tanovvul qilingan.

Ilmiy izlanishdan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, boks sporti bilan shug'ullanadigan o‘quvchi-sportchilar ovqat ratsionidagi hayvon mahsulotlarining me’yorga nisbatan ko‘rsatkichi sezilarli kam. Masalan, sut-qatiq 29 gr, pishloq 0,6 gr, go‘sht, parranda go‘shti 32,1 gr, kolbasa mahsulotlari 1,9 gr ga kam. Qolgan mahsulotlar orasida asal (53,3, qaymoq (66,2 %), tvorog (57,1 %) kabilar sezilarli darajada kam ta’minlangan. Baliq mahsuloti taomnomaga kiritilmaganligi ham katta ahamiyat kasb etadi.

Downloads

Published

17.03.2025

How to Cite

BOKS BILAN SHUG‘ULLANADIGAN BOLALAR OVQAT RATSIONIDAGI HAYVON OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARI TAHLILI. (2025). Journal of Uzbekistan’s Development and Research, 163-165. https://ijournal.uz/index.php/judr/article/view/2053