“QUYUN IZLARI YOHUD OGAHIY” ROMANIDA TEONIMLARNING FUNKSIONAL-USLUBIY XUSUSIYATLARI
Abstract
Ma’lumki, “teonim” yunoncha (teog – Alloh + onoma – atoqli ot) so‘zidan olingan bo‘lib, Allohning nomi va atributlarining atoqli oti ma’nosini bildiradi.[1]. Teonimlarni o‘rganuvchi ilmiy yo‘nalish – teonimika onomastikaning eng kam rivojlangan sohalaridan biri bo‘lib, bu muammoni o‘rganish lozimmi, shartmi, degan mulohazalar ilm-fanda, onomastikada yaqingacha davom etib kelayotgan edi.
Yolg‘iz yaratgan, ya’ni Xudo to‘g‘risida gapirish, uning nomini talqin qilish, unga ta’riflar berish masalasiga har bir davr o‘zicha yondoshib kelgan. Masalan, yunonlar ko‘p xudolik haqida gapirish, o‘zlarining ajdodlari sig‘ingan qadimiy iloh va ilohalar haqida fikr yuritishni ma’qul ko‘rishgan, bu muammoga oid qator ilmiy tadqiqotlar e’lon qilingan. Agar bu masalaga islom dini nuqtai nazaridan yondashadigan bo‘lsak, yakkayu yagona Alloh (Olloh)ga sig‘inish va u haqda o‘ylash mumkin. Ammo bandasi Ollohga ta’rif berishi, o‘zini undan bilimdon hisoblashi mumkin emas edi. Shunga ko‘ra, teonimlarni tahlil qilishning turli xalqlarning diniy-falsafiy qarashlari, dunyoqarashi, madaniyati va ma’naviyati bilan bog‘liq murakkab tomonlari ham borligi o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi[2].
Teonimlar, ularga yaqin bo‘lgan nekronimlar (qabriston, mozorlar, shu tipdagi muqaddas qadamjoylarning atoqli oti) badiiy asarlarda, ayniqsa, tarixiy-badiiy asarlarda qo‘llanganda muhim g‘oyaviy-estetik vazifalarni bajarish uchun xizmat qiladi. Taniqli adib Erkin Samandar ijodini kuzatish shuni ko‘rsatadiki, yozuvchi o‘z asarlarida teonimlar, nekronimlar singari onomastik birliklardan keng foydalanilgan, bu esa yozuvchiga X1X asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlaridagi Xorazm vohasi hududidagi ijtimoiy-siyosiy hayot tasvirini yorqin gavdalantirishga imkon bergan. Masalan, asarda Alloh tushunchasining dubletlari, absolyut sinonimlari bo‘lmish Olloh // Alloh, Tangri, Xudo // Xudoy, Yaratgan va boshqalar gohida yakka holda, gohida “Xudo rahmati”, “Xudoga shukur”, “Xudo bir asradi”, “Xudo rahmatiga olmoq”, “Xudo xohlasa” singari diniy xarakterdagi frazemalar tarkibida qo‘llangan: “O‘zingga ishon, Ollohdan o‘zga imdod yo‘q. Shimoliy chegara – Orol bo‘ylariga, janub – Hazoraspga (yov keladurgan asosiy yo‘llar) shoshilinch qo‘shin jo‘natildi” (Q.i., 86); “- Mavlono, Xudoga shukur, endi yaxshilar, - dedi hofiz” (Q.i., 153); “- Yigitlik chog‘larim... So‘zga, g‘azalga oshufta kunlarim... Xoni a’zam Olloqulixon, Olloh anga marhamat aylagan bo‘lsin, meni qoshig‘a chorlab, elkamga ikki og‘ir yumush yuklamish...” (Q.i., 240); “- Tashvish qilma, bibi, Xudoga shukur, emdi yaxshimen, - tinchlantirgan bo‘ldi uni mavlono, lekin xayajoni yuziga tepib turganini o‘zi bilmas va bu xayoliga ham kelmas edi” (Q.i., 159); “ – Bandalik, - dedi Aqiqa kechqurun Boboqulga. – Xudo o‘z rahmatiga olgay” (Q.i., 244); “Sa’dulla bola mavlononi yaxshi biladi. Hazrat ozod Xorazmni qo‘msayapti. Hoynahoy, uni hech qursa, tushda bir ko‘rishni orzulayapti. Ichikayapti, yomon ichikayapti. Yaratgan egam, unga rahm aylagil” (Q.i., 241); kabilar.
“Inshoolloh” arabcha so‘z bo‘lib, badiiy matnlarda, so‘zlashuv nutqida “xudo xohlasa, xudoga xush kelsa” ma’nolarini ifodalovchi teonim sifatida qo‘llanadi (O‘TIL-5, P, 221). Erkin Samandarning “Quyun izlari yoxud Ogahiy” romanida ham “inshoolloh” teonimi keksa kishilar nutqida o‘z fikrini tasdiqlash, niyatning ro‘yobga chiqishiga umid bog‘lash ma’nosida qo‘llangan: “- Ersa, inshoolloh, erta tongda yo‘lga chiqqaymiz, - dedi mavlono, - o‘zing Boboqulga tayinlab ayt, yo‘lga neki hojat, barin olib olsin” (Q.i., 213); “- Meni xotirjam ayladingiz, bibi, tashakkur, - Soliha bikaning yuzi yorishdi. – Inshoolloh, yaxshi kunlar kelur, ana shunda oshiq-ma’shuqa chin murodiga etkaylar. – Inshoolloh!” (Q.i., 75); “- Ko‘nglingizga shuni Xudo solgan erkan, inshoolloh, amalga oshgay, - hamishadagidek muloyimlik bilan dedi Soliha bika, - lekin bu chang-to‘zonli kunlar biroz o‘tsamikan...” (Q.i., 213) kabilar.
“Parvardigor” forscha so‘z bo‘lib, “yaratuvchi, rizq beruvchi, xudo” ma’nolarini ifodalashda teonim sifatida tarixiy-badiiy asarlarda faol qo‘llanadi (O‘TIL-5, Sh, 219). Erkin Samandarning “Quyun izlari yoxud Ogahiy” romanida ham “parvardigor” teonimi personajlar nutqida faol qo‘llanishi ko‘zga tashlanadi: “...Xon amri vojib, Yaratganni panoh tutib, belni mahkam bog‘lab, xizmat otiga minganmen va o‘shal kuni Jayxun kanorinda ko‘rganmen o‘zni” (Q.i., 240); Yomonlardan o‘zing asra, Parvardigor!” (Q.i., 240) kabilar.
Ma’lumki, ideonimlar, biblionimlar ham tilning onomastik birliklari qatoriga kiradi. “Biblionim” yunoncha (bibliov - kitob + onoma –atoqli ot) so‘zlaridan olingan bo‘lib, “har qanday badiiy, ilmiy, diniy, siyosiy asarga berilgan nom (sarlavha); ideonim turi”, degan ma’noni bildiradi[3]. Ideonim esa yunoncha (idea - idea, g‘oya + onoma –atoqli ot) so‘zlaridan olingan bo‘lib, “tarixiy asarlar, xujjatlar atoqli oti: artionim, biblionim, gemereonim, geortonim, dokumentonim, poetonim, xrononim. Atoqli ot tiplaridan biri”, ma’nolarini bildiradi[4].
Umuman olganda, har qanday badiiy asar sarlavhasi yozuvchi yoki shoirning kitobxonga qaratilgan birinchi so‘zi sanaladi. “Kitobxon ma’lum bir asarni o‘qishga kirishar ekan, - degan edi taniqli rus tilshunosi A.M.Peshkovskiy, o‘sha asarning mazmuni bilan qiziqadi. Sarlavhada esa u asar mazmuniga ishorani yoki uning ixcham ifodasini ko‘radi. Demak, biror asarning sarlavhasi faqat nom bo‘lishdan boshqa yana nimanidir anglatadi”[5]. Darhaqiqat, ideonim (sarlavha) yaxlit, ixcham tarzda asarning mavzusini, mazmunini o‘zida ifoda etadi, ba’zan u muallifning asar voqealariga bo‘lgan ijobiy yoki salbiy munosabatini ham ifodalashga xizmat qiladi. O‘zbek tilshunosligida sarlavhalar ko‘proq gazeta materiallari asosida o‘rganilgan[6]. Keyingi yillarda mamlakatimizda sarlavhalarni ideonimlar yoki biblionimlar sifatida tadqiq etishga doir ayrim kuzatishlar e’lon qilindi[7]. Lekin shu kunga qadar taniqli yozuvchi Erkin Samandar asarlariga qo‘yilgan sarlavhalar (ideonimlar) maxsus kuzatish ob’ekti bo‘lgan emas.
To‘plangan materiallar asosida Erkin Samandar asarlariga qo‘yilgan nomlar – ideonimlarni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
- Yakka turdosh ot so‘zdan iborat ideonimlar: “Raqqosa” she’ri, “Sovg‘a” she’ri, “Rashk” she’ri, “Girdob” she’ri, “Lazgi” she’ri, “Chora” she’ri, “Tilak” she’ri kabilar.
- Yakka atoqli ot so‘zdan iborat ideonimlar: “Shopen” she’ri, “Napoleon” she’ri, “Farangiston” she’ri, “Amudaryo” she’ri, “Polvon ota” qasidasi, “Jaloliddin Manguberdi” romani kabilar.
- Qaratqich kelishigidagi ot birikmadan iborat ideonimlar: “Daryo oqshomi” she’ri, “Oshiqlar maskani” balladasi, “Dunyoning yoshligi” she’ri, “Qiz qalbi” she’ri, “Afrika qo‘shig‘i” she’ri, “Oyning yoshi” hazil she’ri, “Xorazm qo‘shig‘i” she’ri, “G‘ayb qushlari” hikoyasi, “Ajdodlar qilichi” tarixiy fojiasi, “Erk sadosi” dostoni, “Amazonka qo‘shig‘i” she’ri, “G‘azal nafasi” she’ri, “Tangri qudug‘i” romani kabilar.
- Sifatlovchi aniqlovchili ideonimlar: “Ona qishloq” she’ri, “Iroqi do‘ppi” she’ri, “Olis nidolar” balladasi, “Yot hujra” tarixiy dramasi, “Zanjirband sher” she’ri kabilar.
- Uyushiq bo‘laklar asosida shakllangan ideonimlar: “Gul va tosh” she’ri, “Ona va o‘g‘il” dostoni, “Xorazmu Buxoro” essesi, “Umr va navro‘z” she’ri, “Bahor fasli, yor vasli” sakkizliklardan iborat turkum kabilar.
- Sodda gap shaklida qo‘llangan ideonimlar: “May tugab bormoqda” she’ri, “Uyg‘oq edi hali yulduzlar” she’ri, “Til uchida aytolmayman” she’ri, “Shamolda tuyg‘u bor degim keladi” she’ri,
- Ko‘makchili birikma shaklida qo‘llangan ideonimlar: “Mening uchun” she’ri, “Osmon bilan...” she’ri, “Soxtalik xususida” she’ri kabilar.
- To‘liqsiz gap shaklida qo‘llangan ideonimlar: “Bir qo‘shiqki...” she’ri, “Nihoyat...” she’ri, “Uqarmisan dilimni...” she’ri, “Bugun juma...” she’ri, “Yolg‘on yomon...” she’ri, “Tun sob bo‘ldi...” she’ri, “Soqi so‘z bersa...” (hazil) she’ri, “Faqat bir tong...” she’ri kabilar.
- Tarkibida undalma ishtirok etgan shakldagi ideonimlar: “Oqil bo‘lsang, do‘stginam, zinhor” she’ri, “Kechirasiz, doktor” she’ri, “O‘ksima, ko‘nglim” she’ri, “Ey, daryo” she’ri, “Ona, saxiy qo‘ling och” she’ri kabilar.
Yozuvchi Erkin Samandarning “Quyun izlari yoxud Ogahiy” romanining nomi ikki qismdan iborat. Uning birinchi qismi “Quyun izlari” asar davomida uch xil quyunning xalq boshiga yopirilishi tasvirini berishga asoslangan: “Siddiq polvon quyun oldida mavlono ila yonma-yon turgan edi, bir pasda uchar kungura ayvon devoriga olib borib urdiyu hech narsani ko‘zi ko‘rmay qoldi... Quyun o‘tib ketdi, lekin izlari qoldi. Eng baquvvat hisoblanmish gujumlarning cho‘ng shoxalari singan. Teraklarning ustlari siyraklashib, ayrimlarining ildizlari ko‘rinib qolgan... Quyun o‘tdi, lekin dardisarlari qoldi...” (Q.i., 236-237); “Orqaga qaytib yo‘l yarmiga kelganlarida oti jiqqa ho‘l chopar Soliha bikaning olamdan o‘tganini ma’lum qildi. Mavlono his etgan musibat uni egarga mixladi, qimir etolmay qoldi. Uchinchi fojea shu deb o‘yladi hofiz. Tinimsiz ro‘y bergan, safarni davom ettirishga yo‘l qo‘ymagan quyunlar tilini endi tushundi Siddiq polvon” (Q.i., 242) kabilar.
Asar sarlavhasining ikkinchi qismida “Ogahiy” antroponimining keltirilishi ham har jihatdan o‘zini oqlaydi. Chunki ikki qism, o‘n ikki bobdan iborat roman tarixiy shaxs - mashhur shoir, davlat arbobi, mirob va tarixchi Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiyning hayoti, uning Feruzxon saroyidagi ishlari, oilaviy hayoti tasviriga bag‘ishlangan bo‘lib, bu ulug‘ zotning oltmish olti yoshda vafoti tasviri bilan asar ham nihoyasiga etadi. Aytish mumkin, ikki qismdan iborat bo‘lgan sarlavha (ideonim) – “Quyun izlari yoxud Ogahiy” romanga har jihatdan to‘g‘ri tanlangan, bu ideonimning ikkala qismi ham asar mazmunini, umumiy mundarijasini o‘zida obrazli tarzda aks ettirishi bilan o‘quvchida katta qiziqish uyg‘otadi.
Erkin Samandarning “Quyun izlari yoxud Ogahiy” romanida Olloh // Alloh, Tangri, Xudo // Xudoy, Yaratgan, Parvardigor, inshoolloh kabi teonimlar gohida yakka holda, gohida “Xudo rahmati”, “Xudoga shukur”, “Xudo bir asradi”, “Xudo rahmatiga olmoq”, “Xudo xohlasa” singari diniy xarakterdagi frazemalar tarkibida qo‘llanib, personajlarning kelgusi orzu-umidlariga ishonch ruhini mustahkamlash vositasiga aylangan. “Quyun izlari yoxud Ogahiy” sarlavhasi (ideonimi) ikki qismdan iborat bo‘lib, asarning umumiy ruhi, mazmunini o‘zida to‘la ifodalashi nuqtai nazaridan e’tiborlidir.
References
Бегматов Э., Улуқов Н. Ўзбек ономастикаси терминларининг изоҳли луғати. – Наманган, 2006. – Б. 75.
Авлиёқулов Я. Теонимия тушунчаси ва теонимлар ҳақида // Ўзбек тилшунослиги ХХ1 асрда (илмий-назарий анжуман материаллари). – Қарши: ҚаршиДУ нашри, 2008. – Б. 15-16.
Бегматов Э., Улуқов Н. Ўзбек ономастикаси терминларининг изоҳли луғати. – Наманган, 2006. – Б. 21.
Бегматов Э., Улуқов Н. Ўзбек ономастикаси терминларининг изоҳли луғати. – Наманган, 2006. –
Buronova, X., & Aliqulova Sojida , A. S. . (2023). O‘ZBEK BADIIY ASARLARIDA EKZOTIZMLARNING QO‘LLANISH XUSUSIYATI. Журнал иностранных языков и лингвистики, 5(5). извлечено от https://fll.jdpu.uz/index.php/fll/article/view/7752
Тоштемировна, БХ (2022). Характеристика употребления слов, относящихся к некоторым прилагательным, в произведении Юсуфа Хоса Хаджиба «Кутадгу билиг». Сеть ученых: Международный научно-исследовательский журнал , 3 (11), 976-981.
Toshtemirovna, B. X. (2023). SOME STYLISTIC FEATURES OF VERBS IN TUNYUQUK INSCRIPTION (BASED ON RELATIONAL FORMS). Open Access Repository, 4(3), 374-377.
Буронова, Х. (2023). Erkin samandarning “quyun izlari yohud ogahiy” romanida toponimlarning funksional-semantik xususiyatlari. Информатика и инженерные технологии, 1(2), 610-614.
Xolida, B. (2023). “QUYUN IZLARI YOHUD OGAHIY” ROMANIDA TARIXIY SHAXSLAR ISMLARINING FUNKSIONAL-SEMANTIK XUSUSIYATLARI HAQIDA. International Journal of Contemporary Scientific and Technical Research, 454-460.
Downloads
Published
How to Cite
Issue
Section
License
Copyright (c) 2023 Buronova Xolida Toshtemirovna , Aliqulova Sojida
This work is licensed under a Creative Commons Attribution-NonCommercial-NoDerivatives 4.0 International License.
All Rights Reserved.