G‘AZNAVIYLAR DAVRI YOZMA YODGORLIKLARI – MARKAZIY OSIYO TURKIY XALQLARI MIFOLOGIYASINI O‘RGANIShNING MUHIM MANBAI
Abstract
Ma’lumki, g‘aznaviylar sulolasining yirik vakillaridan biri Sulton Mahmud G‘aznaviy o‘zining hukmronligi davrida ilm-fan, adabiyot va san’at taraqqiyotiga alohida e’tibor qaratgan. Uning davrida Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy, Utbiy, Abul-Fazl Muhammad ibn Husayn Beyxakiy, Abu Sa’id Abd al-Xayya bin Zaxxak al-Gardiziy singari yirik olimlar, Firdousi kabi ulug‘ shoirlar yashab ijod qilishgan. Bu davrda yaratilgan ilmiy, tarixiy, adabiy va ma’rifiy adabiyotlarda Markaziy Osiyo turkiy xalqlarining tili, madaniyati, adabiyoti, san’ati, dini va mifologik e’tiqodlariga oid g‘oyat muhim ma’lumotlar uchraydi. Xususan, 1017 yildan to umrining oxirigacha Mahmud G‘aznaviy mamlakatining poytaxti – G‘aznada yashab, kechirgan ulug‘ olim Abu Rayhon Beruniyning bevosita Sulton Mahmudga bag‘ishlab yozgan “Qoduniy Ma’sudiy” (“Mas’udov kanon”) nomli astronomik traktati, shuningdek, “Hindiston”, “Mineralogiya”, “Kitob as-saydana fi-t-tibb”, ya’ni “Saydana” kabi ilmiy asarlarida turkiy xalqlarning mifologiyasi va e’tiqodiy qarashlariga doir qimmatli materiallar jamlangan.
Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Hindiston” asarida hindlarning olamning yaratilishi, yer, osmon va samo yoritqichlarining paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi kosmogonik afsonalarini keltirar ekan, ularni yunon, fors, arab va qadimgi xorazmliklarning shu mavzudagi miflari bilan qiyoslaydi. Bu asarda naql qilingan astral mif va afsonalar Markaziy Osiyo turkiy xalqlarining arxaik mifologiyasini o‘rganishda ham muhim manba hisoblanadi. Masalan, Beruniy hikoya qilgan kosmogonik miflardan birida aytilishicha, “hamma narsadan ilgari suv paydo bulib, olam fazosi suv bilan to‘liq bo‘lgan. Aytishlaricha, suv to‘lqinlanib ko‘piklanganda undan oq bir narsa hosil bo‘lgan. Tangri shu narsadan Barohim tuxumini yaratgan. O‘sha tuxum ikki pallaga ajralib, bundan Barohim chiqqan. Tuxumning bir pallasi osmon, ikkinchi pallasi yer bo‘lgan”.
Markaziy Osiyo turkiy xalqlarida olamning tuxumdan yaratilganligi haqidagi kosmogonik mif unutilib ketgan bo‘lsa-da, ana shu arxaik tasavvurning muayyan izlari folklor asarlarida, urf-odat va marosimlarda, ayniqsa, navro‘z bayrami bilan bog‘oliq bahoriy rituallarda saqlanib qolgan. Xususan, turkman, o‘zbek xalqlarida qayd etilgan “oxir chorshanba”, “qora chorshanba” udumi, boshqirdlarning “sabanto‘y” bayramida ko‘za, kosa singari sopol idishlarni, shuningdek, suvqovoq sindirish odati olamning tuxumdan paydo bo‘lganligi to‘g‘risidagi mifologik tasavvurlar asosida kelib chiqqan. Ya’ni ko‘za (yoki boshqa sopol idish) ramziy ma’noda “samoviy tuxum” timsoli bo‘lib, uning sinishi qadimgi kosmogonik mifga ko‘ra dastlabki ummon ko‘pigidan hosil bo‘lgan tuxum sinib ikki pallaga bo‘linishi va yer bilan osmonning paydo bo‘lishi – xaosdan kosmosning vujudga kelishini anglatadi.
Bundan tashqari, Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston” asarida oy bilan quyosh tutilishini osmonda yashovchi afsonaviy yovuz kuchning xuruji deb talqin qilishga asoslangan qadimgi mif ham keltirilgan. Mifda aytilishicha, dayt’ya jinsidan bo‘lgan bir mavjudotning farishta ko‘rinishida kelib daryo tubidan olib chiqilgan muqaddas taomni tatib ko‘rgach, buni sezib qolgan Vishnu qilichi bilan uning boshini chopib tashlabdi. Ammo sehrli taomni tatiganligi sababli bosh tirik qolibdi va osmonda uchib yurib, oy bilan quyoshni quvib yurar, yetib olganda yuta boshlar ekan. Ammo tanasi yo‘qligi sababli osmon yoritqichlari tutqundan xalos bo‘lishar, bu hodisani ko‘rgan odamlar “oy tutildi”, “quyosh tutildi” deyisharkan. Osmon yoritqichlarini yutib yuboruvchi afsonaviy samoviy jonzot to‘g‘risidagi astromifologik syujet umumturkiy mifologik asosga ega bo‘lib, Markaziy Osiyo turkiy xalqlari, jumladan, turkman, o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq va qirg‘izlar orasida ham keng tarqalgan.
Abu Rayhon Beruniyning “Mineralogiya” asari ham turkiy xalqlarning etnomadaniyati va tabiat hodisalari bilan bog‘liq mifologik tasavvurlarini o‘rganishning nodir manbalaridan biri hisoblanadi. Bu asarda do‘l va yomg‘irni to‘xtatish maqsadida “yada” toshidan foydalanish, toshbaqani to‘ntarib qo‘yish kabi magik usullar haqida batafsil yozilgan. Zero, Markaziy Osiyo turkiy xalqlari marosim folklorida yomg‘ir yog‘dirish va uni to‘xtatish maqsadida “yada” toshi hamda toshbaqa vositasida maxsus rituallar o‘tkazish an’anasi qayd etilgan. Ana shu mifologik tasavvurlar transformatsiyasi natijasida “osmon suvlarining egasi”, ya’ni yomg‘ir yog‘diruvchi ma’bud sifatida tasavvur qilingan Yadachi bobo kulti shakllangan.
Shuningdek, ma’ruzada Abul-Fazl Muhammad ibn Husayn Beyxakiyning “Tarixi Ma’sudiy”, Abu Sa’id Abd al-Xayya bin Zaxxak al-Gardiziyning “Zayn al-axbor” (“Ukrashenie izvestiy”) asaridagi turkiy xalqlar folklori, adabiyoti va etnomadaniyatiga doir ma’lumotlar ham tahlilga tortiladi. Bu materiallar Markaziy Osiyo turkiy xalqlari mifologik tasavvurlari tizimining tarixiy-genetik ildizlari va badiiy tafakkur taraqqiyoti davomidagi poetik evolyusiyasi jarayonini o‘rganishning muhim manbai hisoblanadi.
Downloads
Published
How to Cite
Issue
Section
License
Copyright (c) 2023 To‘xtamurod Olimovich Qo‘chqorov, Eshmamatov Faxriddin Xayriddin o'g'li, Rashidov Bahrom Zokir o’g’li, O'zarqulov Ahmadjon Baxtiyor o'g'li
This work is licensed under a Creative Commons Attribution-NonCommercial-NoDerivatives 4.0 International License.
All Rights Reserved.