NARSHAXIYNING “BUXORO TARIXI” ASARIDAGI EPIK SYUJET VA ULARNING TARKIBIDAGI AN’ANAVIY MOTIVLARNING SHAKLLANISH TARIXI

Authors

  • Tuxtamurod Olimovich Kuchkarov Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali
  • Tolliboyev Arslonbek Bolibek o'g'li
  • Mardonov Izzatillo Xayrullo o'g'li Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali

Abstract

O‘zbek xalq nasri janrlar tarkibining tarixiy taraqqiyoti va epik syujetlar evolyusiyasini o‘rganishda mamlakatimizda o‘rta asrlarda yaratilgan  yozma yodgorliklar, shu jumladan, ilmiy, ma’rifiy, tarixiy, jo‘g‘rofiy, didaktik adabiyotlarda keltirilgan folklor materiallar muhim manba bo‘la oladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi”, Abu Rayhon Beruniyning «Osor ul-boqiya», «Hindiston», Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk», Rabg‘uziyning «Qisasi Rabg‘uziy», Alisher Navoiyning «Tarixi anbiyo va hukamo», «Tarixi muluki Ajam», Abu Tohirxo‘janing «Samariya», Hofiz Tanish Buxoriyning «Abdullanoma», Abulg‘ozi Bahodirxonning «Shajarai turk», «Shajarai tarokima» asarida uchraydigan folklor namunalari, mifologik obrazlar, marosim va urf-odatlarga oid qaydlar, ayniqsa, afsona, rivoyat, naql tarzida hikoya qilingan epik syujetlarni o‘zbek folklori materiallari bilan qiyoslab tahlil qilish asosida, birinchidan, epik syujet va ularning tarkibidagi an’anaviy motivlarning shakllanish tarixi hamda tadrijiy rivojiga doir ilmiy xulosalar chiqariladi; ikkinchidan, o‘zbek folklorida mavjud bo‘lgan epik syujetlarning manbalari aniqlanadi; uchinchidan, XX asrda folklorshunoslar tomonidan yozib olingan ertak, doston, afsona va rivoyatlarni qadimgi manbalar bilan qiyosiy tahlil qilish imkoni yuzaga keladi.

O‘lkamiz tarixiga oid qimmatli materiallarni yaxlit holda jamlay olgan ulug‘ muarrixlardan biri Abu Bakr ibn Ja’far Narshaxiy bo‘lib, uning X asrda yaratilgan «Buxoro tarixi» nomli asari faqat «tarixnavislik uchungina emas, balki folklorshunoslik uchun ham qimmatli manba hisoblanadi. Bu asar muallifi u yoki bu tarixiy voqea-hodisalarni sharhlash, izohlash maqsadida «hikoyat», «rivoyat qilishlaricha», «rivoyatda aytilishicha» kabi atamalarini qo‘llagani holda o‘sha davrda xalq orasida keng tarqalgan ko‘plab afsona va rivoyatlarni naql qilgan.

«Buxoro tarixi»ning Romtin (Romitan) shahri ta’rifiga bag‘ishlangan faslida quyidagi rivoyat keltirilgan: «Bu qishloqni Afrosiyob bino qilgan. Afrosiyob har vaqt bu viloyatga kelganida shu qishloqdan boshqa joyda turmagan. Forsiylarning kitoblarida aytilishicha, Afrosiyob ikki ming yil yashagan. U jodugar bo‘lib, Nuh podshoning bolalaridandir. U o‘zining Siyovush nomli kuyovini o‘ldirgan. Siyovushning Kayxusrav nomli o‘g‘li bo‘lib, u otasining qonini talab qilib ko‘p lashkar bilan bu viloyatga kelganda Afrosiyob shu Romtin qishlog‘ini hisor qilib turgan. Kayxusrav o‘z lashkari bilan ikki yil shu hisor atrofini o‘rab turgan va uning ro‘parasiga bir qishloq bino qilib, u qishloqni Romush deb atadi. Uni yaxshiligidan Romush deganlar. Bu qishloq hozirgacha obodondir. Kayxusrav Romush qishlog‘ida otashparastlar ibodatxonasini qurdi; otashparastlarning aytishlaricha, bu ibodatxona Buxoro otashparastlarining ibodatxonalarining eng qadimiysidir. Kayxusrav ikki yildan keyin Afrosiyobni tutib o‘ldirdi. Afrosiyobning go‘ri Buxoroda Ma’bad darvozasida rahmatli Xoja imom Abu Hafz Kabir tepaligiga tutashgan katta tepalik ustidadir. Buxoro aholisi Siyovushning o‘ldirilishi to‘g‘risida ajoyib ashulalar to‘qiganlar; kuychilar bu qo‘shiqlarni «Kini Siyovush» - «Siyovush jangi» deb ataydilar»[1].

Rivoyat o‘quvchi (yoki tinglovchi) ga Romitan shahri to‘g‘risida qisqa shakldagi axborotni yetkazish maqsadida hikoya qilingan bo‘lib, unda Afrosiyob, Siyovush singari tarixiy shaxslar nomi birga olinadi. Mazkur epik syujetning markazida Afrosiyobning Romush qishlog‘ini bunyod etishi to‘g‘risidagi xabar-motivi turadi. «Buxoro tarixi»da keltirilgan tarixiy rivoyatda Afrosiyob tomonidan Siyovushning o‘ldirilishi va otasining xunini talab qilib kelgan Kayxusravning Romush qishlog‘ini bino etishi voqealari haqida ham epik ma’lumot berilgan. Siyovushning o‘ldirilishi bilan bog‘liq bu afsona o‘sha davrda xalq orasida juda mashhur bo‘lganligi tufayli Narshaxiy ham bu muhim epik manbani nazardan soqit qilmagan. Afsonadagi yana bir muhim detal Siyovush o‘limiga bagishlangan xalq qo‘shiqlari yaratilganligi haqidagi ma’lumotdir. Nazarimizda, bu o‘rinda Siyovushga atab aytilgan yig‘i-yo‘qlovlar va uning Afrosiyob bilan munosabatlariga bag‘ishlangan tarixiy qo‘shiqlar nazarda tutilgan bo‘lishi kerak. Chunki Siyovush obrazi va u bilan bog‘liq afsona hamda rivoyatlar xalq orasida shu qadar shuhrat qozongan ediki, natijada buxoroliklar orasida har yili navro‘z tongida Siyovush o‘ldirilgan joyda qurbonlik marosimini o‘tkazish udumi odat tusiga kirib qolgan edi. Bu esa X asrda yashagan ajdodlarimiz mifologiyasida Siyovush kulti mavjud bo‘lganligidan dalolat beradi. Zero Narshaxiyning o‘zi ham Buxoroning bino etilishi to‘g‘risidagi tarixiy afsonani bayon qilar ekan, Siyovushni e’zozlashga doir bu udumni alohida ta’kidlab o‘tgan:

«Siyovush ibn Kayxusrav o‘z otasidan qochib Jayhun daryosidan o‘tib Afrosiyobning oldiga keldi. Afrosiyob uni yaxshi qabul etdi va o‘z qizini unga xotinlikka berib, aytishlaricha, barcha mulkini ham unga topshirdi. Bu viloyat o‘ziga vaqtincha berib qo‘yilgan joy ekanligi tufayli Siyovush bu yerda o‘zidan bir yodgorlik qoldirishni istadi. Shunday qilib, u Buxoro hisorini bino qildi va ko‘proq vaqt o‘sha joyda turar edi. Kimlardir u bilan Afrosiyob o‘rtasida yomon gap yurgizdi va natijada Afrosiyob uni o‘ldirdi hamda ana shu hisorda sharqiy darvozadan kiraverishingda «Darvozai g‘o‘riyon» deb atalgan somonfurushlar darvozasining ichkarisiga dafn etdilar. Shu sababli Buxoro otashparastlari o‘sha joyni aziz tutadilar va unga atab har bir erkak kishi har yili Navro‘z kuni quyosh chiqishidan oldin o‘sha joyda bittadan xo‘roz so‘yadi. Buxoro aholisining Siyovushning o‘ldirilishiga bag‘ishlab aytgan marsiyalari bo‘lib, u barcha viloyatlarda mashhurdir. Kuychilar unga moslab kuy tuzganlar va qo‘shiq qilib aytadilar. Qo‘shiqchilar uni «otashparastlar yig‘isi» deydilar» [2]

Buxoro arkining barpo etilishi va navro‘z bayramining qadimiyligi haqida ma’lumot beruvchi mazkur rivoyat X asrda Siyovush kulti xalq orasida keng urf bo‘lganligidan dalolat beradi.

X - XI asrlarda xalqimiz orasida Afrosiyob, uning qizi va Siyovush to‘g‘risidagi afsona hamda rivoyatlar keng tarqalganligini qo‘rsatadigan muhim dalillardan yana biri Mahmud Koshg‘ariyning «qaz» so‘ziga bergan izohida o‘z ifodasini topgan. Bu haqida olim quyidagilarni yozadi: «Ba’zilar butun Movaraunnahrni turklar o‘lkalaridan deb hisoblaganlar. U Yankanddan boshlanadi. Uning bir oti Dizruyindir. U sariqligiga ko‘ra, mis shahri demakdir. Bu Buxoroga yaqindir. Bu yerda Afrasiyobning qizi - Qazvinning eri Siyovush o‘ldirilgandir. Ma’jusiy - otashparastlar har yili bir kun bu yerga kelib, Syyovush bo‘lgan joy atrofida yig‘laydilar. Mollar so‘yib, qurbonlik qiladilar. So‘yilgan mol qonini uning mozori tepasiga to‘kadilar. Ularning odatlari shunday» [3]

Bu o‘rinda har yili navro‘z kuni o‘tkazib kelingay an’anaviy marosimlardan biri haqida so‘z yuritilayotganligini sezish qiyin emas. Chunki navro‘z-yilboshi bayramini to‘rt-to‘rt yarim ming yildan beri nishonlab kelgan xalqimiz serhosillik, tabiatning ramziy ma’noda «o‘lib-qayta tirilishi» va bahoriy yasharish bilan aloqador ko‘plab marosimlarni o‘tkazgan. Ana shunday qadimiy kalendar marosimlarining kelib chiqish tarixi va tadrijiy rivojini o‘rganishda o‘rta asrlarda yaratilgan tarixiy va ilmiy manbalar muhim materiallar bera oladi.

References

Абу Бакир Муҳаммад ибн Жаъфар Наршахий. Бухора тарихи. – Тошкент: Фан, 1966, - Б.23-24-28.

Маҳмуд Кошғарий. Девону луғотит турк. 3-том. -Тошкент: Фан, 1963. Б. 164.

Downloads

Published

2023-12-13

How to Cite

Tuxtamurod Olimovich Kuchkarov, Tolliboyev Arslonbek Bolibek o’g’li, & Mardonov Izzatillo Xayrullo o’g’li. (2023). NARSHAXIYNING “BUXORO TARIXI” ASARIDAGI EPIK SYUJET VA ULARNING TARKIBIDAGI AN’ANAVIY MOTIVLARNING SHAKLLANISH TARIXI . Journal of Academic Research and Trends in Educational Sciences, 262–266. Retrieved from http://ijournal.uz/index.php/jartes/article/view/854